Yapon bog‘ining falsafasi va infratuzilmasi
Falsafa
Toshkentdagi Yapon bog‘i olam tuzilishining falsafiy-etnik konsepsiyasini kichik ko‘rinishda mujassam
etgan. Bog‘ni tomosha qilayotgan inson o‘zini umumiy hayot yo‘lining bir qismi sifatida his etishi,
go‘zal koinot bilan uyg‘unlikni tuyishi kerak. Uyg‘un va osoyishta bog‘ muhitida inson o‘zini yaxshiroq
anglaydi, ruhiy xotirjamlik topadi. Bog‘ni mushohada qilish inson qalbini ilhomlantiradi.
Yapon bog‘idan yilning istalgan faslida bahramand bo‘lish mumkin, chunki har bir fasl bu yerda o‘ziga
xos go‘zallik bilan namoyon bo‘ladi. Bog‘ yaratuvchilari uni barpo etishda oltita asosiy tamoyilga
tayanganlar: oddiylik; yolg‘izlik va osoyishtalik; qadimiylik nafasi; suvning oqimliligi; keng
manzaralarning mavjudligi; inson qo‘lining mahorati.
Bog‘ning asosiy elementlari — Yin va Yang ramzi hisoblangan Tosh va Suv, shuningdek o‘simliklar hamda
me’morchilik elementlaridir. Ko‘p asrlik yapon an’analari o‘zbek madaniyati bilan uyg‘unlashib, donolik,
tajriba va sir-asrorni namoyon etadi. Bu uyg‘unlik inson va tabiat o‘rtasidagi noyob munosabatni aks
ettiradi: inson tabiatni bezash va obod qilishga intilar ekan, uning mohiyatini saqlab, tabiat
qonunlariga hurmat bilan yondashadi.
Yapon bog‘i nafaqat sayr qilish uchun go‘zal maskan, balki ilohiy tabiatning aks-sadosidir. Bog‘
qurilishi uchun joy ham bejiz tanlanmagan. Ko‘l bo‘yidagi bog‘ “O`zekspomarkaz” MKK AJ park hududining
umumiy landshaftiga uyg‘un tarzda singib ketgan bo‘lib, bolalar bog‘i va sog‘lomlashtirish-ko‘ngilochar
majmuaning akvaparki, shuningdek, yapon markazi yaqinida joylashgan. Yapon bog`ining umumiy maydoni 3,4
gektarni tashkil etadi.
Yapon bog’i infratuzilmasi:
Tosh bog’i (Sekitei)
Sekitei — yapon bog‘larining o‘ziga xos turlaridan biridir. Bu turdagi bog‘ tabiat go‘zalligini mavhum
(abstract) tarzda aks ettiradi. Toshlar, xuddi suv kabi, har qanday yapon bog‘ining ajralmas qismi
hisoblanadi. Masalan, suvsiz oq qum okeanning timsoli sifatida tasvirlanadi.
Mazkur tosh bog‘i 15 ta toshdan tashkil topgan bo‘lib, ular 7, 5 va 3 ta guruh shaklida joylashtirilgan.
O‘n besh soni to‘lin oy ramzi hisoblanadi va shu orqali bog‘da o‘ziga xos hayajonli muhit yaratiladi.
Bog’ darvozasi (Teimon)
Darvozaning dizayni va tuzilishi oddiy uslubda yaratilgan bo‘lib, bog‘ga kirgan har bir inson o‘zini
erkin va xotirjam his qilishi uchun mo‘ljallangan. Darvoza oldida tosh fonar — (Kasugadoro) o‘rnatilgan,
shuningdek qog‘oz fonar — (Chechin) osib qo‘yilgan. Qog‘oz fonardagi belgi Takeda Shingen ramzi
hisoblanadi. U Sengoku (XVI asr) davrida yashagan general bo‘lib, uning hududi okeanga chiqish
imkoniyatini cheklovchi yerlar bilan o‘ralgan edi. Bu jihatdan u Uzbekistan hududiga o‘xshaydi.
Yashil maysazorlar (Shibaniva)
Shibaniva odatda binolarning janubiy old qismi hududida joylashtiriladi. Xeyan davrida bunday
maysazorlarda turli marosimlar, tadbirlar va bayramlar o‘tkazilgan.
Choy marosimi uyi (Buden)
Choy ichish marosimi qadimiy an’ana bo‘lib, uning asosiy maqsadi insonning ichki suhbatini to‘xtatish va
ongni hushyorlikka yo‘naltirishdan iborat. Bu an’ana bugungi zamonaviy insonlar uchun ham muhimdir.
Marosim davomida ustoz mehmonlarga choyning serqirra olamini namoyon etadi.
Yapon choy marosimlari teatrlashtirilgan tomosha ko‘rinishida bo`lib o‘tadi va unda mehmon bevosita
ishtirokchi hisoblanadi. Uyg‘unlik, hurmat, poklik va osoyishtalik muhitida siz yapon bog‘i falsafasini
anglab, mazali choydan bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Choy marosimida ishtirok etishdan avval matsuri deb ataluvchi marosimiy poklanish amali bajariladi.
Suv idishi (Tsukubai)
Suv idishi — Tsukubay Buden kirish qismi oldida joylashgan. Odamlar ushbu idishda qo‘llarini yuvib, choy
marosimida ishtirok etish uchun o‘ziga xos poklanish marosimini bajaradilar.
Hovuz (Ike), Tepaliklar (Tsukiyama), Sharsharalar (Taki), Toshli qirg‘oq (Ishihama), Toshli orol
(Gantou)
Tsukiyama – markaziy tepaligi katta tog’ni, uning bag’ridagi toshlar uzoqlarga ketayotgan qoyalarni aks
etadi. Tog’dan ikkita oqim orqali “taki” sharsharalari tushadi: o’ng oqimi quvvatli erkak “Yan”, va chap
oqimi nozik ayol “In”, ularning oqimlari Ike ko’lida birlashadi. Hovuzning shakli dengiz sohilini
eslatadi: egri qismi toshlar bilan himoyalangan qirg‘oq — toshli sohil (Ishihama) va tosh orollarga
o‘xshatib yaratilgan. Tepaliklarda (Tsukiyama) uzoqdagi qoyali tog‘larni mavhum tarzda aks ettiruvchi
qator toshlar joylashtirilgan.
Toshli fonar (Yukimidoro)
“Yukki” qor degan ma’noni anglatadi. “Qor bilan qoplangan” bunday fonar, manzaraning go‘zalligini
namoyon etadi.
Soy (Nagare), Iris bog‘i, Nilufar hovuzi (Hasuike)
Suv soy (Nagare)dagi toshlar ustidan oqib kelib, nilufar hovuzini to‘ldiradi. Namlikni yaxshi ko‘radigan
o‘simliklar soy bo‘ylab va uning ichida ekilgan bo‘lib, bog‘ga o‘ziga xos ko‘rinish beradi. Nilufar
hovuzida shuningdek irislar, ko‘l qamishi va nilufarlar o‘sadi. Bu hovuz mavjud ko‘lning bir qismi
sifatida loyihalashtirilgan bo‘lib, uning ko‘rinishi tufayli ushbu ko‘l Yapon bog‘ining ajralmas qismi
ekanligi taassurotini yaratadi.
Yog‘och ko‘prik (Mokkyo)
Yo`laklar bog‘dagi barcha elementlarni bir-biri bilan tutashtirib turadi, soy ustidan esa yog‘och
ko‘prik orqali o‘tiladi. Yo‘llar mehmonlar bog‘ sayridan zavq olishlari uchun ko`plab burilishlarga boy
tarzda barpo etilgan. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar shag‘al ustida yurish jarayonidagi mayin
tovushlardan hamda suv sepilgach uning rang-barang ko‘rinishidan zavqlanishlari mumkin.
Adzumaya ayvonchasi
Adzumaya ayvonchasi – tabiatni tomosha qilish va dam olish uchun mo`ljallangan an`anaviy yapon
inshootlaridan biri. Ular qulay muhit yaratib, tashrif buyuruvchilarga dam olish va tabiat go`zalligidan
bahramand bo`lish imkonini beradi