Yapon bog‘ining kelib chiqish tarixi
Yapon bog‘ining barpo etilishi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi. Bu loyiha ikki davlat aloqalarini nafaqat siyosat, iqtisodiyot va ta’lim sohalarida, balki eng avvalo xalqlarning ma’naviy va madaniy yaqinlashuvida yangi bosqichga olib chiqdi. Shuningdek, u o‘zbek va yapon xalqlari o‘rtasidagi rishtalar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini yanada teran anglashga xizmat qildi.
Loyiha yaponiyalik me’morlar tomonidan, Seifu Ryokka korporatsiyasi ishtirokida ishlab chiqilgan. Tantanali poydevor qo‘yish marosimi 1997-yil 23-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi poytaxti — Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Yapon bog‘ining rasmiy ochilish marosimi esa 2001-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kyoko Nakayama hamda Toshkentdagi Yaponiya klubi ishtirokida tashkil etildi.
Marmardan ishlangan yodgorlik ichiga kelajak avlodlarga bag‘ishlangan esdalik maktubi joylangan kapsula qo‘yilgan. Marmarning sayqallangan qismiga uch tilda — o‘zbek, yapon va ingliz tillarida quyidagi yozuv bitilgan: Ushbu joyda Yapon bog‘ining bunyod etilishi munosabati bilan kelajak avlodlarga murojaat yozilgan kapsula saqlanmoqda — bu bog‘ o‘zbek-yapon do‘stligining ramzidir.